Kadrlar agentligida bir vaqtning o'zida turli mijozlardan o'nlab buyurtmalar ochiq turadi. Har bir mijozning o'z talablari, o'z ishga oluvchi menejeri va uning band kalendari bor. Rekruter kun bo'yi qaysi nomzod qaysi mijozga yuborilganini, kim javob kutayotganini va ertangi suhbatni kim tasdiqlamaganini eslab yuradi. Bitta nomzodni ikki mijozga yuborib qo'yish yoki direktor bilan uchrashuvga nomzodning kelmay qolishi agentlikka bo'lgan ishonchni pasaytiradi.
Ushbu maqolada agentlik uchun saralash va suhbatga yozish jarayoni ko'rib chiqiladi: mijoz buyurtmasini SI ishlay oladigan shaklga qanday keltirish, asoslangan qisqa ro'yxat qanday ko'rinishi, vaqtni uch tomon o'rtasida qanday kelishish va qaysi qarorlar rekruterda qolishi kerakligi. Agar siz o'z kompaniyangiz uchun xodim olayotgan bo'lsangiz, vakansiyaga arizalarni saralash haqidagi maqola sizga yaqinroq.
Agentlik ichki HR'dan nimasi bilan farq qiladi
Ichki HR'da talablarni o'z rahbaringiz beradi, yakuniy suhbatni o'z xodimlaringiz o'tkazadi va kalendar umumiy. Agentlikda esa talablarni mijoz beradi — ko'pincha og'zaki va noaniq. Yakuniy suhbatni mijozning menejeri o'tkazadi, uning kalendari sizga ko'rinmaydi. Nomzodlar bazasi esa bir necha yil davomida yig'ilgan va ko'plab buyurtmalar uchun ishlatiladi.
Shuning uchun agentlikda SI eng avvalo jarayon intizomi uchun foydali: nomzodni aniq buyurtmaga bog'lash, bir xil mezonlar va vaqtni kelishish. "Aqlli tanlov" esa keyingi o'rinda.
Buyurtma kartasi — usiz saralash ishlamaydi
SI nomzodni faqat yozib qo'yilgan narsaga qarab tekshiradi. "Jamoaga mos, ishni biladigan buxgalter kerak" degan talab bo'yicha model taxmin qiladi. Shuning uchun rekruter mijoz bilan suhbatni tuzilgan kartaga aylantiradi. SI bu kartaning qoralamasini brif yozuvlari asosida tayyorlashi mumkin, lekin uni rekruter, iloji bo'lsa mijoz ham tasdiqlaydi.
- Majburiy shartlar (3–5 ta): masalan, 1C'da kamida ikki yillik tajriba, Mirobod tumanidagi ofisda ishlash, bir oy ichida ishga chiqish.
- Afzal shartlar: ustuvorlikni oshiradi, lekin chetlatmaydi.
- Daromad oralig'i va format: jadval, sinov muddati.
- Menejerning bo'sh vaqtlari: suhbatlarni qachon va qaysi formatda o'tkazishga tayyor.
- Fikr-mulohaza tartibi: qisqa ro'yxat va suhbatdan keyin kim va qancha muddatda javob beradi.
Muhim qoida: kartaga yosh, jins, oilaviy holat, millat va ishga aloqasi bo'lmagan boshqa belgilar kiritilmaydi. Mijoz shunday istak bildirsa, rekruter buni mijoz bilan muhokama qiladi, sozlamalarga ko'chirmaydi.
Saralash: SI nima qiladi, rekruter nima qiladi
| Bosqich | SI nima qiladi | Rekruterda nima qoladi |
|---|---|---|
| Bazadan qidirish | Agentlik bazasidan buyurtmaga mos odamlarni topadi va qaysi bandlar bo'yicha mosligini ko'rsatadi | Kimga murojaat qilishni hal qiladi |
| Takrorlarni tekshirish | Nomzod bu mijozga allaqachon yuborilgan bo'lsa, ogohlantiradi | Parallel ishtirok mumkinmi — hal qiladi |
| Birinchi aloqa | Telegram'da nomzodning tilida yozadi, maxfiy bo'lsa mijoz nomini aytmaydi | Shablonni tasdiqlaydi |
| Aniqlashtirish | Rezyumeda yo'q majburiy shartlar bo'yicha savol beradi, ovozli xabarlarni ham tahlil qiladi | Savollarni belgilaydi, chegaraviy javoblarni tekshiradi |
| Baholash | Har bir band bo'yicha "bajarilgan / bajarilmagan / noaniq" deb belgilaydi va javobdan iqtibos keltiradi | O'z intervyusini o'tkazadi, qisqa ro'yxat bo'yicha qaror qabul qiladi |
Har bir baho yonidagi iqtibos — asosiy narsa. Rekruter SI'ga ko'r-ko'rona ishonmasligi kerak: "1C tajribasi — bajarilgan" yonida bu qayerdan olingani ko'rinib turadi va tekshirish bir daqiqa oladi.
Uch tomonlama suhbatga yozish
Agentlik ishining eng ko'p vaqt oladigan qismi — tanlov emas, kelishuv. Nomzod faqat soat oltidan keyin bo'sh, menejer seshanba va payshanba kunlari tushgacha, keyin u xizmat safariga ketadi. Har bir kelishuv rekruter orqali o'nlab xabarlarni talab qiladi.
- Mijoz qisqa ro'yxatdan kimni ko'rmoqchi ekanini belgilaydi. Menejerning bo'sh vaqtlari kartada bor.
- SI nomzodga "qachon qulay?" deb so'ramaydi, balki ikki-uchta aniq vaqtni taklif qiladi.
- Nomzod tanlaydi — vaqt band qilinadi, nomzodga manzil va kimga murojaat qilish kerakligi, menejerga esa nomzod haqida qisqa ma'lumotnoma yuboriladi.
- Hech bir vaqt to'g'ri kelmasa, SI nomzodning qulay vaqtlarini yig'ib, rekruterga beradi.
SI: Assalomu alaykum, Dilnoza! Mijoz siz bilan shaxsan tanishmoqchi. Seshanba, 17-noyabr, 10:00 yoki payshanba, 19-noyabr, 11:30 vaqtlarini taklif qilaman. Uchrashuv mijoz ofisida, taxminan 40 daqiqa. Qaysi biri qulay?
Nomzod: Payshanba bo'ladi
SI: Payshanba, 19-noyabr, 11:30 ga yozdim. Manzil va kirish uchun kontaktni hozir alohida yuboraman. Uchrashuvdan bir kun oldin eslatib, tasdiqlashingizni so'rayman.
SI nomzod bilan imkoniyatlar, oraliqdan yuqori maosh yoki mijoz haqidagi qo'shimcha tafsilotlarni muhokama qilmaydi — bunday savollarni rekruterga uzatadi.
Tasdiqlash, kelmay qolish va fikr-mulohaza
- Bir kun oldin: bitta so'z yoki tugma bilan tasdiqlash so'raladi.
- Kechgacha javob bo'lmasa: rekruterga qo'ng'iroq qilish vazifasi. Uchrashuvni avtomatik bekor qilish kerak emas.
- Nomzod ko'chirishni so'rasa: SI menejerning keyingi bo'sh vaqtlarini taklif qiladi va mijozni darhol ogohlantiradi.
- Uchrashuvdan keyin: mijozdan qisqa fikr so'raladi, nomzodga esa qaror qachon bo'lishi aytiladi.
SI qayerda to'xtashi shart
Qisqa ro'yxatni mijozga yuborish va nomzodlarga rad javobi — faqat rekruter tasdig'idan keyin. Tashqariga yuborish avtomatlashtirish ko'pincha xato qiladigan joy; biz o'zimiz autrich tizimimiz tasdiqlash qoidasini chetlab o'tgan holatni tahlil qilganmiz — holat tahlili. Rezyume shaxsiy ma'lumot hisoblanadi va O'zbekistonda uni qayta ishlash "Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida"gi qonun bilan tartibga solinadi. Nomzod rezyumesi aniq kompaniyaga yuborilishini bilishi va rozilik berishi kerak; bazani qayerda saqlash va rozilik matni haqida ishga tushirishdan oldin yurist bilan maslahatlashing.
Bunday yozishmalarni olib boradigan agentlar qanday ishlashi SI-agentlar sahifasida. Boshqa soha tahlillari — "Sohalar" bo'limida.
Ko'p beriladigan savollar
Mijoz nomi oshkor qilinmaydigan maxfiy buyurtmalar bilan ishlash mumkinmi?
Ha. Kartada kompaniya nomisiz tavsif saqlanadi va SI faqat undan foydalanadi. Nomni rekruter mijoz bilan kelishilgan bosqichda aytadi.
Mijoz o'z kalendariga kirish huquqini berishi shartmi?
Shart emas. Menejer haftasiga bir marta bo'sh vaqtlarini kartada yoki Telegram'dagi so'rovga javoban ko'rsatsa yetarli.
SI o'zbek tilidagi suhbatni tushunadimi?
Zamonaviy modellar lotin va kirill yozuvidagi o'zbek tilini hamda aralash matnni tushunadi, lekin sifat rus tilidagidan pastroq, ayniqsa sheva so'zlari va ovozli xabarlarda. Shu sababli har bir baho asl javobdan iqtibos bilan beriladi.
Bunday sozlash qancha turadi?
Narx mijozlar va buyurtmalar soniga, kanallarga va agentlik bazani qayerda yuritishiga bog'liq. Birinchi suhbat jarayoningizni ko'rib, hisoblash uchun kerak. Aloqa sahifasi orqali yozing.